Afg'oniston poytaxtida birinchi o'zbek milliy taomlari restorani tashkil etildi.
Mazkur tamaddixona O'zbekiston elchixonasi ko'magida tadbirkor vatandoshimiz Dilfuza Boqiyeva va uning turmush o'rtog'i tomonidan tashkil etildi.
Kobul shahrida ikki mingdan ortiq turli restoran, kafe va fastfud shohobchalari faoliyat yuritadi. Biroq O'zbekiston milliy taomlari restoranlari mavjud emas edi.
Tadbirkorning ta'kidlashicha, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlarda yurtimiz milliy brendlarini, shu jumladan, o'zbek milliy taomlarini targ'ib etish zarurligi haqidagi fikridan ilhomlanib, Afg'oniston fuqarosi bo'lgan turmush o'rtog'i bilan birgalikda ushbu tamaddixonani ochishga qaror qilgan.
E'tiborli jihati, o'zbek milliy taomlari restoranini qurish va bezatish uchun barcha zaruriy ashyolar O'zbekistondan keltirildi. Bino old tomoniga "O'zbek milliy taomlari" yozuvi tushirilgan. Kafe interyeri o'zbek milliy matosi – adras bilan bezatilgan bo'lib, bu mijozlarning hayratiga sabab bo'lmoqda.
Ushbu muassasaning tantanali ochilish marosimida Afg'oniston poytaxtida yashovchi o'zbek jamoatchiligi vakillari qatnashdi.
Ochilish marosimida so'z olgan afg'on tomoni bu voqeani yuqori baholadilar va Afg'oniston bilan siyosiy, iqtisodiy aloqalar rivojlanishida ko'plab tashabbuslarni ilgari surayotgan O'zbekiston, Prezidentiga minnatdorlik bildirdilar.